Yangiliklar

Media markazga xush kelibsiz
Payshanba, 18 yanvar 2024 04:31

Hindistonning “Business of Travel Trade - BOTT” turistik jurnalida Samarqandga bag‘ishlangan maqola chop etildi

“Samarqand: jahon madaniy turizm poytaxti” sarlavhali maqola muallifi shunday deydi: “O‘zbekistonning sharqiy-markaziy qo‘ynida o‘tmish sivilizatsiyalar hikoyalarini shivirlab turadigan shahar bor. Ikki ming yildan ortiq boy tarix va madaniy uyg‘unlikning jonli guvohi bo‘lgan Samarqand shahriga xush kelibsiz”.

Jurnalist qadimiy shaharning jozibadorligini tushunishga harakat qilib, shunday xulosaga keladi: “Samarqandning sehri uning tarixiy xazinalari – masjid, madrasa va maqbaralarning maftunkor uyg‘unligidadir. Shahar markazida UNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Registon joylashgan bo‘lib, u bir vaqtlar bozorlar, karvonsaroylar va hukmdorlar so‘zlari aks-sadosi yangrayotgan gavjum maydon bo‘lgan. Registon Samarqandning boy tarixining mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarni ushbu g‘ayrioddiy shaharni shakllantirgan o‘tgan davrlarni boshdan kechirishga chorlaydi”.

Maqolada Samarqandning meʼmoriy yodgorliklari, jonli va gavjum Siyob bozori, hunarmandlar tomonidan yaratilayotgan qoʻlda ishlangan mashhur oʻzbek matolari va noyob kulolchilik buyumlari, nafis suvenirlar, shahar boʻylab joylashgan kichik dukonlar mehr bilan tasvirlangan. Shahar restoranlari milliy va xalqaro retseptlar uyg‘unlashgan pazandalik vohasi deb ataladi.

“Madaniyat va merosning jonli solnomasi bo'lgan Samarqand sizni nafaqat esdalik sovg'alari, balki o'z qalbidan bir parchasi bilan kuzatib qo’yadi. Moviy gumbazlar va labirint ko‘chalari bilan xayrlashar ekansiz, bilingki, Samarqand sehri O‘zbekistonning maftunkor tarixining qoq bag‘riga sayohatning mangu aks-sadosidek saqlanib qoladi”, — deya xulosa qiladi maqola muallifi.

O'qilgan 272 marta