Yangiliklar

Media markazga xush kelibsiz
Juma, 31 iyul 2026 08:41

Samarqandlik fuqaro velosipedda Xitoyga xayriya safari uyushtirmoqda — start Registon maydonidan

2026-yilning 1 avgustda samarqandlik Ravshan Amirov Markaziy Osiyodagi juda jozibador, lekin o‘ta murakkab yo‘nalishlardan biri — afsonaviy Pomir magistrali bo‘ylab yolg‘iz o‘zi velosipedda safarga chiqadi. 3000 kilometrdan oshiq masofani o‘zida jamlagan mazkur safar Tojikiston hududida joylashgan mintaqadagi eng baland tog‘ dovoni — Oq-Baytaldan (4655 m) o‘tish; so‘ngra Kulma dovoni orqali Xitoyga — qadimiy Qoshg‘ar shahriga borish va nihoyat, Pomir tog‘larini yana bir bor kesib o‘tib, Qirg‘izistonning O‘sh shahrida yetib borishdan iboratdir.

Biroq, ushbu sayohatning asosiy maqsadi na sportda biror bir yutuqqa erishish, na baland tog‘ dovonlarini zabt etishdir. Veloekspeditsiya saraton kasalligiga chalingan bolalarga yordam berish uchun O‘zbekistondagi ko‘ngillilar tomonidan ilk bora xayriya maqsadida tashkil etilgan jamg‘arma - "EZGU AMAL" ijtimoiy xayriya jamg‘armasi ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Jamg‘arma bolasi saraton kasalligi bo‘yicha jiddiy tashhisga uchragan oilalarga har tomonlama yordam ko‘rsatadi. Ochiqko‘ngil insonlarning beg‘araz ko‘magi tufayli qimmatbaho dori-darmonlar, diagnostik tadqiqotlar, jarrohlik amaliyotlari va kimyoviy muolaja kurslari uchun mablag‘ajratiladi, tibbiy uskunalar sotib olinadi. Shuningdek, Jamg‘arma mamlakatimizda bolalar saratoni kasalligini oldini olishda davlat tibbiyot muassasalariga yordam beradi.

Ekspeditsiya davomida velosipedchi Pomir tabiati, Markaziy Osiyo madaniyati va yo‘lda uchragan insonlar haqidagi suratlar, videolavhalar va safar qaydnomalarini Instagram'da kunma-kun e’lon qilib boradi. Loyihaning asosiy maqsadi — tibbiy yordamga muhtoj bolalarning ehtiyojlariga jamoatchilik e’tiborini qaratish va odamlarni ushbu xayriya tashabbusiga jalb etishdir.

Mazkur sayohat mustaqil ravishda amalga oshiriladi. Marshrut 4500 metrdan oshadigan balandlikdagi dovonlarni, kuchli shamollar va haroratning keskin o‘zgarishiga moyil bo‘lgan va aholi yashamaydigan uzundan uzun hududlarni qamrab oladi. Ekspeditsiyaning har bir kuni velosipedchi uchun chidamlilik va ruhiy bardoshning jiddiy sinovi bo‘ladi.

Ravshan Amirovning fikricha, bosib o‘tilgan har bir kilometr hozirda o‘z hayoti uchun kurashayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash ramziga aylanadi, agar ushbu ekspeditsiya tufayli birgina bola bo‘lsa-da sog‘ayib ketish imkoniyatiga ega bo‘lsa, demak, bu safar behuda bo‘lmagan bo‘ladi.

Ekspeditsiya jarayoniga qiziquvchilar uni Instagramdagi “instagram.com/ravshan_amirov va instagram.com/velolife.uz“ sahifalari orqali kuzatib borishlari, shuningdek, ular loyihaning rasmiy veb-sayti — “velolife.uz” orqali "EZGU AMAL" jamg‘armasi ko‘magiga muhtoj insonlar uchun mablag‘ yig‘ish aksiyasini qo‘llab-quvvatlashlari mumkin. Umid qilamizki, ushbu tashabbus o‘zaro yordam g‘oyasi ostida odamlarni yanada jipslashtiradi hamda ularga hatto kichik bir ezgu amal ham kimningdir hayotini o‘zgartirishi mumkinligini eslatib turadi.

O'qilgan 12 marta