Chop etish versiyasi
Chorshanba, 09 sentyabr 2026 08:57

Samarqandda tungi turizm rivojlanmoqda: ko‘chalar, bozor va muzeylar kech soatlarda ham xizmatda

Samarqand shahrida “24/7 turizm” tamoyillari asosida zamonaviy, xavfsiz va tunu kun xizmat ko‘rsatuvchi turizm infratuzilmasi shakllantirilmoqda. Shu maqsadda turistlar eng ko‘p tashrif buyuradigan hududlardagi bozor, savdo majmualari va tarixiy-madaniy meros obyektlarining ish vaqti uzaytirildi, sayyohlar uchun maxsus xizmat ko‘chalari tashkil etildi.

Bozor, savdo majmualari va muzeylar uchun uzaytirilgan ish vaqti

Turistlar gavjum hududlardagi obyektlarning ish vaqti uzaytirildi: “Siyob” bozori soat 24:00 gacha, “Makon Mall” va “Family Park” savdo majmualari 23:00 gacha xizmat ko‘rsatmoqda.

Tarixiy-madaniy meros obyektlariga kechki vaqtda ziyorat qilish imkoniyati ham kengaytirildi. Endilikda “Afrosiyob” muzeyi, “Amir Temur” maqbarasi, “Bibixonim” majmuasi hamda “Mirzo Ulug‘bek” rasadxonasi muzey majmuasi soat 23:00 gacha, “Registon” ansambli soat 24:00 gacha ochiq bo‘ladi. Bundan tashqari, har kuni soat 21:00 da Registon maydonida musiqiy shou namoyish etiladi.

Tunu kun ishlaydigan xizmat ko‘chalari

Shaharda tungi turizm va gastronomik xizmatlarni rivojlantirish maqsadida sayyohlar uchun maxsus xizmat ko‘chalari tashkil etildi. Ulardan biri — Orzu Mahmudov ko‘chasi bo‘lib, u tunu kun faoliyat yuritadi. Hozirda ko‘chada faoliyat yuritayotgan 20 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasida tashrif buyuruvchilarga milliy va xalqaro oshxonalar taomlari taklif etilmoqda. Obyektlarning tungi vaqtda ham ochiq bo‘lishi shaharga kechki va tungi soatlarda keladigan sayyohlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda.

Yana bir yo‘nalish — uzunligi 400 metrli “Pub Street” turizm ko‘chasidir. Unda 12 ta umumiy ovqatlanish korxonasi joylashgan bo‘lib, ular bir vaqtning o‘zida 1,5 mingga yaqin mehmonga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Ko‘chada obodonlashtirilgan yashil maydonlar, dam olish zonalari va 100 o‘rinli avtoturargoh tashkil etilgan, piyodalar xavfsizligi uchun bir tomonlama harakatlanish tizimi joriy qilingan.

“Pub Street” hududi Samarqandning tarixiy va sanoat merosi bilan ham bog‘liq: 1885-yilda aynan shu joyda Markaziy Osiyodagi ilk pivo zavodlaridan biri barpo etilgan. Ushbu an’ana bugungi kunda O‘zbekiston–Chexiya qo‘shma korxonasi — “Pulsar Group Brewery” davom ettirmoqda.

Mazkur chora-tadbirlar shaharda kechki va tungi turizm salohiyatidan samarali foydalanish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish hamda “24/7 turizm” muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

O'qilgan 27 marta