Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqand shahrining qadimiy obidalari bilan tanishdi. Davlat rahbarlari dastlab Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyini borib ko‘rdi. Ma’lumki, Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek Amir Temurning suyukli nabirasi bo‘lgan, ezgu ishlarini davom ettirgan. U ham hukmdor, ham olim sifatida ilm-fan va madaniyatni rivojlantirgan, bunyodkorlikka katta e’tibor qaratgan. O‘rta asrlardayoq noyob rasadxona barpo etib, osmon jismlarini juda aniq o‘rgangan. Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari dunyo astronomiyasida muhim qo‘llanma hisoblanadi. Uni Yevropa, jumladan, fransiyaliklar ham yaxshi bilishadi. Xususan, fransuz astronomi Jozef-Nikolya Delil faoliyati davomida Mirzo Ulug‘bekning asarlarini o‘rgangan, “Ziji…